O‘lmas Umarbekov qalamiga mansub “Odam bo‘lish qiyin” asariga bag‘ishlangan adabiy taqdimot yuqori saviyada tashkil etildi.
Joriy yilning 17-aprel sanasida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bilan hamkorlikda o‘zbek adabiyotining iste’dodli namoyandasi O‘lmas Umarbekov qalamiga mansub “Odam bo‘lish qiyin” asariga bag‘ishlangan adabiy taqdimot yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbir davomida Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan asarning mazmun-mohiyati, unda aks etgan hayotiy haqiqatlar, insoniylik, halollik va vijdon kabi yuksak fazilatlar keng va atroflicha yoritib berildi. Asarda ilgari surilgan g‘oyalar orqali insonning hayotdagi o‘rni, uning jamiyat oldidagi mas’uliyati hamda to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaslikning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida asarning asosiy g‘oyasi — inson bo‘lib yashashning murakkabligi, halollik va adolat tamoyillariga sodiq qolish zarurligi yuzasidan o‘quvchilar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi. O‘quvchilar asarni chuqur tahlil qilishga intilib, uning tarbiyaviy ahamiyatini ochib berishga harakat qildilar hamda o‘z ijodiy chiqishlari bilan faol ishtirok etdilar.
Mazkur adabiy taqdimot nafaqat o‘quvchilarning adabiy bilimlarini mustahkamladi, balki ularning nutq madaniyati, sahna madaniyati va ijodiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutdi.
Tadbir yuqori saviyada, qiziqarli va mazmunli ruhda tashkil etilib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.


