“Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi tashkil etildi.
Joriy yilning 15-aprel sanasida Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Mevazor MFYda istiqomat qiluvchi kitobxon oilalar ishtirokida 15-umumiy o`rta ta’lim maktabi binosida “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi tashkil etildi.
Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — oilalarda kitobxonlik muhitini yanada mustahkamlash, kitobga bo‘lgan mehrni oshirish hamda yosh avlodni mutolaaga keng jalb etishdan iboratdir. Zero, kitobni qadrlaydigan oila — ma’naviy barkamol jamiyatning poydevori hisoblanadi.
Tanlov davomida ishtirokchi oilalar 2 ta shart asosida o‘zaro bellashdilar: birinchi shartda ular o‘z oilalari haqida ma’lumot berib, kitobxonlik an’analari va mutolaa jarayonlari bilan tanishtirdilar. Ikkinchi shartda esa tezkor savol-javob orqali ishtirokchilarning bilim darajasi, fikrlash tezligi va dunyoqarashi sinovdan o‘tkazildi.
Ishtirokchilar har bir shartni katta qiziqish, faollik va mas’uliyat bilan bajarib, o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar. Tadbir davomida kitobxonlikning ahamiyati, oilaviy mutolaaning o‘rni haqida qiziqarli fikrlar va bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshboltayevlar oilasi o‘zining zukkoligi, faol ishtiroki hamda bilimdonligi bilan ajralib turib, tanlov g‘olibi deb topildi.


