Chingiz Aytmatovning "Birinchi muallim" asari yuzasidan kitob sharhi oʻtkazildi.
Joriy yilning 8-iyul sanasida Doʻstlik tumani Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan Manas MFYda Chingiz Aytmatovning "Birinchi muallim" asari yuzasidan kitob sharhi oʻtkazildi.
Tadbir davomida asarning mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan ilm-maʼrifat, ustozning jamiyatdagi beqiyos oʻrni, insonparvarlik, fidoyilik va ezgulik gʻoyalari haqida atroflicha fikr yuritildi. Asar bosh qahramoni Duyshen obrazi misolida haqiqiy ustozning matonati, sabr-toqati, Vatanga va kelajak avlod taqdiriga boʻlgan yuksak masʼuliyati alohida taʼkidlandi.
Sharh jarayonida ishtirokchilar asar yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar hamda "Birinchi muallim" bugungi kunda ham oʻzining dolzarbligi va tarbiyaviy ahamiyatini yoʻqotmagan asarlardan biri ekanini eʼtirof etdilar.
Tadbir yakunida kitob mutolaasining inson kamolotidagi oʻrni haqida fikr almashilib, kitobxonlarga Chingiz Aytmatovning boshqa asarlarini ham mutolaa qilish tavsiya etildi.



