“Bolalar uchun bitilgan mo‘jizalar” nomli qiziqarli va mazmunli sayohat tashkil etildi.
Joriy yilning 3-aprel sanasida Do‘stlik tumani Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan 2-umumta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchilari uchun “Bolalar uchun bitilgan mo‘jizalar” nomli qiziqarli va mazmunli sayohat tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi jajji kitobxonlarda kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatni oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Sayohat davomida o‘quvchilar kutubxonaning turli bo‘limlari bilan tanishtirilib, ularga xizmat ko‘rsatish jarayonlari haqida tushunchalar berildi.
Xususan, o‘quvchilarga kutubxonamizdagi “Faol kitobxon” burchagi, “Omadli kitobxon” loyihasi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan elektron o‘quv zali, shuningdek, kutubxona fondida mavjud rang-barang bolalar adabiyotlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Kitoblar olamiga sayohat davomida bolajonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar hamda sevimli kitoblari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida kichik savol-javoblar va qiziqarli suhbatlar ham tashkil etildi. Bu esa bolalarning faolligini oshirib, ularda kitobxonlik madaniyatining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.



